Bosh muharrir

F.A. Maqsudov

F.A. Maqsudov
Tarix fanlari doktori (DSc), professor


F.A. Maqsudov — 1972-yil 14-dekabrda Andijon viloyati Marhamat tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti (ilgari — Milliy arxeologiya markazi) direktori, tarix fanlari doktori (DSc), professor, "Uzbek Anthropological Journal" ilmiy jurnalining bosh muharriri.

Otasi biologiya fanlari doktori, professor Alijon Maqsudov ta'sirida yoshligidan dala tadqiqotlariga qiziqish bildirgan. 1996-yilda Farg'ona davlat universiteti Tarix fakultetini tamomlagan, shu jumladan 1992–1994-yillarda O'rtado'g'u texnika universitetida (Turkiya) o'quvchi almashish dasturi asosida tahsil olgan. 1996–1999-yillarda O'zR FA Arxeologiya instituti aspiranturasida o'qib, 1999-yildan institutda kichik ilmiy xodim sifatida faoliyatini boshlagan. 2004–2006-yillarda AQShning Braun universiteti ekologiya bo'limi magistraturasida ikkinchi mutaxassislik bo'yicha tahsil olib, GIS texnologiyalarini o'zlashtirgan.

1996-yildan boshlab ustozi, arxeolog A. Anarbayev rahbarligida Axsikent va Marg'ilon yodgorliklaridagi qazishma ishlarida faol ishtirok etgan. 2003-yilda «Janubiy Farg'ona dehqonchilik madaniyatining kelib chiqishi va rivojlanish bosqichlari» mavzusida nomzodlik, 2020-yil dekabrida esa «Ustrushonaning o'rta asrlar ko'chmanchi madaniyati» mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2011–2015-yillarda Turkiyaning Oqsaroy universitetida dotsent sifatida O'rta Osiyo arxeologiyasidan dars bergan, shu davrda AQShning Vashington universiteti professori M. Frachetti bilan hamkorlikda Ustrushona tog'li hududlaridagi ko'chmanchi jamoalar madaniyatini o'rganishni boshlagan. 2019-yildan O'zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti, so'ngra Milliy arxeologiya markazi direktori, hozirda esa Antropologiya instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Antropologiya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash raisi hisoblanadi.

Ikki monografiya va 60 dan ortiq ilmiy maqola muallifi, shulardan 15 dan ortig'i nufuzli xorijiy jurnallarda chop etilgan. «O'zbekiston arxeologiyasi» (2020–2022) va «O'zbekiston moddiy madaniyati tarixi» jurnallari bosh muharriri bo'lgan, bir qator nomzodlik dissertatsiyalari, ilmiy loyihalar va o'quv-uslubiy qo'llanmalarning mas'ul muharriri sifatida faoliyat yuritgan.

F.A. Maqsudovning ilmiy izlanishlari O'rta Osiyo, xususan Farg'ona vodiysi va Ustrushonaning qadimgi hamda o'rta asrlar davri arxeologiyasi, ko'chmanchi chorvadorlar madaniyati tarixi bilan bog'liq. U landshaft arxeologiyasi, arxeogenetika, arxeobotanika, bioarxeologiya va geoarxeologiya kabi zamonaviy yo'nalishlar usullarini qo'llab, O'rta Osiyo ko'chmanchi jamoalari madaniyatining shakllanish jarayonlarini qayta tiklash borasida izlanishlar olib bormoqda.

Uning ilmiy faoliyatining markaziy yo'nalishlaridan birini Ustrushonaning tog'li hududlaridagi o'rta asrlar ko'chmanchi madaniyati tashkil etadi. Multidissiplinar yondashuvga asoslangan tadqiqot usuli uning ilmiy faoliyatining o'ziga xos xususiyati bo'lib, u yordamida O'rta Osiyo ko'chmanchi chorvadorlari madaniyatining o'tmishini qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunda u ikkita xalqaro ilmiy ekspeditsiya, shu jumladan Jizzax viloyati tog'li hududlarida olib borilayotgan O'zbekiston–AQSh qo'shma arxeologik ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib, antropologiya va bioarxeologiya yo'nalishlarini ham o'z tadqiqot doirasiga qo'shib bormoqda.

Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qozog'iston va Ozarbayjon kabi mamlakatlarning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlarida ma'ruzalar o'qigan, ko'plab qo'shma xalqaro arxeologik ekspeditsiyalarda faol ishtirok etgan. Ingliz, turk va rus tillarini mukammal biladi. 2019-yil 1-sentabrda ilm-fan rivojiga qo'shgan hissasi va yosh avlodni tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

Ilm-fan tashkilotchisi sifatida F.A. Maqsudov arxeologiya sohasidagi yangi tadqiqot natijalari va kashfiyotlarni yoshlar o'rtasida doimiy targ'ib qilib, yurtimiz va xalqimizning qadimiy tarixini ilmiy asosda o'rganish orqali milliy o'zlikni anglash g'oyasini singdirishga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.


Bosh muharrir haqida batafsil ma'lumotni O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti saytida bilib olishingiz mumkin.

Elektron pochta

fmaksudov@gmail.com · fmaksudov@yahoo.com